AOKAda oʻtkazilgan brifingda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan kelib tushayotgan savollarga javob qaytardi.
Yangi qaror bilan bojsiz normalarni qoʻllash uchun chet davlatda boʻlish muddati belgilangan. Buni aniqlash qay tartibda amalga oshiriladi?
Bugungi kunda fuqarolarning asosiy oqimi yani 76 foizi avto chegara bojxona postlari orqali, 20 foizi avia chegara bojxona postlari orqali 4 foizi esa temir yoʻl chegara bojxona postlari orqali harakatlanadi.
Koʻrinib turibdiki, yuqorida taʼkidlaganimdek, mazkur tartib avto chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan yoʻlovchilarga ayrim “tashmachi” shaxslarni inobatga olmaganda, sezilarli taʼsiri boʻlmaydi.
Xozirgi kunda, bojxona organlari 50 ga yaqin aviakompaniyalar bilan oʻzaro axborot almashinuvi yoʻlga qoʻygan boʻlib, xalqaro aeroportlarda yoʻlovchilar, ularning bagajlari va xorijda boʻlgan muddatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar ular xali respublikaga yetib kelmaslaridan turib, bojxona organlarida mavjud boʻladi.
Bu esa, xalqaro aeroportlar orqali xarakatlanuvchi yoʻlovchilarni reyslar oqimi yuqori boʻlgan vaqtlarda tezkorlik bilan bojxona nazoratidan oʻtkazilishiga imkon beradi.
Qarorning aynan ushbu qismi yaʼni xorijiy davlatlarda 2-3 kun boʻlish toʻrisidagi normalar 2025 yil 20 iyuldan kuchga kirishi sababli hozirda ushbu jarayonga puxta tayyorgarlikka kirishilgan.
Chegara bojxona postlari orqali tijorat tovarlarini “shaxsiy ehtiyoj uchun” niqobi ostida olib oʻtilishiga sabab bojxona stavkalarining yuqori ekanligidami?
Oʻzbekiston Respublikasida amaldagi bojxona boji stavkalari rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tajribasiga asoslangan holda “tarif eskalatsiyasi” tamoyili asosida belgilangan. Yaʼni:
- Xomashyoga 0 foizdan 5 foizgacha;
- Yarimtayyor mahsulotga 5 foizdan 10 foizgacha;
- Tayyor mahsulotga esa 10 foizdan yuqori.
Yetakchi rivojlangan davlatlar boj-tarif siyosati tajribasidan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi boj-tarif siyosatini takomillashtirishda mamlakat ayrim sohalarida investitsion jozibadorlikni oshirish, shuningdek, milliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida nisbatan yuqori import bojlari stavkalarini hamda aralash stavkalarni belgilash kabi amaliyotlardan foydalanib kelinmoqda.
Shunday boʻlsada, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining boj stavkalarining oʻrta arifmetik qiymati 8 foizni tashkil qiladi. 2017 yilgacha bu 15,4 foizni tashkil qilardi.
Internet doʻkonlar orqali xarid qilingan tovarlar xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali yuborilganida bojsiz olib kirish normasi qoʻllaniladimi?
Albatta, belgilangan 200 AQSH dollari miqdoridagi bojsiz olib kirish normasi barcha xalqaro kuryerlik joʻnatmalari uchun, shu jumladan, internet doʻkonlar orqali xarid qilingan tovarlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.


