Masalan, Shahlo R. otasining krediti boʻyicha birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etgan – otasi dala hovliga qatnashi uchun avtokredit rasmiylashtirib, avtomashina sotib olgan. Otaning vafotidan soʻng, mashina bilan birga kreditni toʻlash majburiyatlari ham qiziga oʻtdi. Shahlo merosni qabul qilib, qarzni muddatidan oldin yopishga kirishdi. Bu mulkdan voz kechishdan koʻra foydaliroq edi, chunki kreditning yarmi allaqachon toʻlangan edi.
Birgalikda qarz oluvchilar sifatida koʻpincha turmush oʻrtoqlar, ota-onalar va bolalar ishtirok etadi. Agar asosiy qarz oluvchi vafot etsa, u holda kredit birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etgan shaxs tomonidan toʻlanishi kerak.
Oʻlimdan keyin kredit tashkilotlari oldidagi barcha majburiyatlar marhumning koʻchmas mulkini, avtomashinalarini va boshqa mol-mulkini olgan shaxsga oʻtadi, yaʼni uning ota-onasi, eri yoki xotini, bolalari va boshqa merosxoʻrlar (agar vasiyatnoma boʻlmasa). Faqat huquqlarni olib, majburiyatlardan voz kechish mumkin emas. Boshqa odamlarning qarzlarini toʻlashdan qochishning yagona yoʻli — merosni qabul qilmaslik va rad etishni notarial tasdiqlashdir.
Merosxoʻrlar har biriga oʻtkazilgan mol-mulk qiymati miqdorida qarzdorlar sifatida javobgar boʻladilar.
Kreditorlar merosxoʻrlarga oʻz talablarini faqatgina vafot etgan shaxsdan oʻtgan mol-mulk qiymati doirasida, yaʼni undan ortiq boʻlmagan miqdorda taqdim etishga haqlidir.
Merosxoʻrlar kreditorlar oldida oʻz mol-mulki bilan javobgar emas — qarzlarni toʻlash faqat qabul qilingan meros miqdori doirasida amalga oshiriladi.
Misol uchun, agar ota oʻz mol-mulkining uchdan ikki qismini qiziga va faqat uchdan bir qismini oʻgʻliga vasiyat qilgan boʻlsa, ular otaning bank oldidagi qarzlarini tegishli ulushlarda toʻlashlari kerak.
Yana bir holatga misol qilib keltirish mumkinki, marhumning qonuniy merosxoʻrlari teng ulushlarda turmush oʻrtogʻi, oʻgʻli va qizi hisoblanadi. Qizi marhumning xotini foydasiga merosdan oʻz ulushini rad etdi — bu holda merosning uchdan ikki qismiga xotini, uchdan bir qismiga esa oʻgʻli ega va ular qarzlarni ham tegishli ulushlarda toʻlashlari kerak boʻladi.
Amalda, kreditni toʻlash imkoniyati yoʻqligi aniqlangan holatlar ham mavjud boʻlib, ushbu kredit “ymidsiz” deb tasniflanadi.
Meros boʻlib oʻtmaydigan qarzlar
Qonunga koʻra, meros tarkibiga meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan quyidagi huquq va majburiyatlar kirmaydi:
- yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga aʼzolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan boʻlmasa;
- hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;
- aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;
- mehnat va ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari asosida pensiya, nafaqa va boshqa toʻlovlar olish huquqi;
- mulkiy huquqlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar (Fuqarolik kodeksi sakkizinchi bobi).
Ushbu turdagi majburiyatlar vasiyat qiluvchi vafot etganidan keyin darhol bekor qilinadi. Ammo qolgan qarzlar meros boʻlib qoladi. Masalan, kommunal toʻlovlar, vafot etganning qarzi (kredit) yoki toʻlanmagan soliqlar.


