Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Naqd pulsiz inqilob: Visa asoschisi kredit kartalar sanoatini qanday oʻzgartirdi?

Bank kartalari – bizning kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Kredit yoki debet kartalari deyarli har bir insonda bor. Ammo ularning ilk prototiplari qachon va qanday paydo boʻlgan? Bank kartalarini chiqarish gʻoyasi kimga tegishli?

Xalqaro biznes jurnali Lindeal Visa tarixini oʻrganib, ushbu savollarga javob topdi. Shuningdek, ushbu toʻlov tizimining muvaffaqiyat siri nimada ekanini aniqlashga harakat qildi.

Maqolada Visa kompaniyasining soʻnggi yutuqlari boʻyicha statistik maʼlumotlar jamlangan, hozirda chiqarilayotgan kartalar haqida batafsil maʼlumot berilgan hamda kompaniyaning butun rivojlanish tarixi davomida yuz bergan muhim voqealar yoritilgan.

Visa Inc. – xalqaro toʻlov tizimi va tranzaksiya xizmatlarini koʻrsatuvchi transmilliy kompaniya. Visa xalqaro toʻlov tizimi VISA International Service Association nomi ostida faoliyat yuritadi. U Amerikadagi Visa Inc. (brend va texnologiyalar) hamda Yevropadagi Visa Europe Services Inc. (yevropalik banklar tomonidan boshqariladi) kompaniyalaridan tashkil topgan.

Shuningdek, VisaNet deb nomlangan global innovativ protsessing tarmogʻi mavjud boʻlib, u har soniyada 65 000 tranzaksiyani qayta ishlash qobiliyatiga ega.

Bank kartalarining tarixi 1958 yilda boshlangan. Oʻsha yili Bank of America xususiy biznes va jismoniy shaxslar uchun ilk elektron kredit kartasini taqdim etadi. Yangi toʻlov tizimi juda tez ommalashdi va obroʻli toʻlov vositasiga aylanadi. Shuning uchun kartalarni toʻliq xizmat koʻrsatish va boshqa banklarga ularni chiqarish uchun litsenziya berish bilan shugʻullanadigan alohida servis tashkilotiga ehtiyoj paydo boʻladi. Bank of America Service Corporation aynan shu maqsadda tuziladi.

Biroq tez orada bu nom xalqaro miqyosda unchalik ham omadli tanlov emasligi ayon boʻladi. Sababi, Vyetnam urushi tufayli AQSHning dunyodagi nufuzi pasaygan, rivojlangan mamlakatlarning biznes doiralari esa yangi toʻlov tizimiga ishonch bildirmasdan, oʻzlarining milliy bank xizmatlaridan foydalanishda davom etardi.

Mana shu payt sahnaga Di Xok chiqadi. U oʻsha vaqtda Sietldagi kichik banklardan birida vitse-prezidentning yordamchisi lavozimida ishlayotgan edi. Uning inqilobiy gʻoyalari tufayli bugungi kunda butun dunyo Visa haqida biladi.

Muvaffaqiyat tamoyili: sirli Di Xok va Chaordic

Di Xokning noanʼanaviy yondashuvi, avvalo, uning ham biznes, ham falsafani birdek yaxshi tushunishidan kelib chiqqan. U har qanday iyerarxik tizimlar oxir-oqibat tanazzulga uchrashini yaxshi anglardi. Shuning uchun mutlaqo yangi toʻlov tarmogʻini taklif qiladi — u hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan, muhim masalalarni birgalikda hal qilishga xizmat qiladigan tuzilma boʻlishi kerak edi.

Visa toʻlov tizimi inson organizmiga oʻxshatib yaratilgan. Bizning tanamizda hech qanday ortiqcha aʼzo yoʻq — hammasi birdek muhim. Agar tashqi zararli taʼsir boʻlmasa, bunday organizm cheklanmagan muddatga faoliyat yuritishi mumkin. Xuddi shunday, banklar oʻrtasida teng huquqli munosabatlarga asoslangan toʻlov tizimi ham uzluksiz ishlashga qodir.

Di Xok tomonidan ishlab chiqilgan bu sxema Chaordic deb nomlandi — bu “xaos + tartib” tushunchalaridan kelib chiqqan. Bunday tizim oʻzini oʻzi boshqaradi, oson moslasha oladi, ichki nazoratga ega boʻladi, lekin hech qanday ishtirokchi yoki organ mutlaq hokimiyatga ega boʻlmaydi.

Keyingi muhim qadam — byurokratiya va shtab-kvartiraning toʻliq nazoratini yoʻq qilish boʻlgan. Buning oʻringa, har bir joydagi qaror qabul qilish erkinligi tamoyili joriy etiladi. Bu gʻoya shu qadar muvaffaqiyatli boʻladiki, hozirgi kunda ham yetakchi moliyaviy tuzilmalar unga amal qiladi.

Di Xok Visa nomini oʻylab topadi. U butun dunyoda bir xil maʼnoni anglatadigan, oson talaffuz qilinadigan va grafik jihatdan yorqin ifodalanadigan brend yaratishni maqsad qilgandi. Shu tariqa Visa dunyoga kelgan.

Visa – global U-Commerceʻning asoschisi

Visa dunyo miqyosida universal tijorat tizimini (u-commerce) shakllantirishga turtki bergan. Bu tizim vaqt, joy yoki toʻlov usulidan qatʼi nazar, tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini yaratdi. Bugungi kunda aynan shu tizim tufayli 24/7 rejimida bank kartalari orqali toʻlov terminallarida va onlayn savdolarda toʻlovlarni amalga oshirish mumkin.

Visaʻning asosiy statistik koʻrsatkichlari:

  • Kartalar boʻyicha umumiy aylanma — 8,3 trillion dollar;
  • Kartalar soni — 3,4 milliard;
  • Qoʻllab-quvvatlovchi moliyaviy tashkilotlar — 15 mingta;
  • Savdo nuqtalari — 53,9 millionta;
  • Tarqalish geografiyasi — 200 ta davlat;
  • Bozordagi kapitalizatsiyasi — 479 milliard dollar;
  • Oʻz kapitali — 37,6 milliard dollar;
  • Aylanma mablagʻlari — 24,1 milliard dollar;
  • Sof daromadi — 12,3 milliard dollar.

Visa dunyo boʻylab faoliyat yuritadi:

  • Shimoliy Amerika — AQSH, Kanada;
  • Osiyo-Tinch okeani mintaqasi — Avstraliya, Yangi Zelandiya;
  • Yevropa — Gʻarbiy, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari;
  • Yaqin Sharq va Afrika;
  • Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari.

Visaʻning eng yirik aksiyadorlari:

  • The Vanguard Group (6,7 foiz) – xususiy investitsiya kompaniyasi;
  • BlackRock (6,1 foiz) – xalqaro investitsiya kompaniyasi;
  • FMR (Fidelity Investments) (4,7 foiz) – AQSH moliyaviy xoldingi;
  • Rowe Price (4,7 foiz) – global investitsiya xoldingi;
  • State Street Corporation (4,5 foiz) – depozitariy va investitsiya xoldingi.

Visaʻning asosiy raqobatchilari (2022-yil):

  • MasterCard (AQSH);
  • UnionPay (Xitoy);
  • RuPay (Hindiston);
  • JCB (Yaponiya);
  • “Mir” (Rossiya).

Visaʻning tarixida yagona yirik janjal 2010-yilda Wikileaks bilan bogʻliq holat boʻldi. Visa Europe Wikileaks faoliyatining qonuniyligini tekshirishni talab qiladi. Asosiy eʼtibor Wikileaksʻga yuborilgan xayriya mablagʻlari qonuniymi-yoʻqmi, shu masalaga qaratilgan edi. Bu toʻlovlarni DataCall kompaniyasi amalga oshirgan va Visaʻning bosimiga qarshi sudga murojaat qilishini aytgan.

Hodisaga “Anonimus” xakerlari qoʻshilib, visa.com saytini “qulatadi”. Natijada Visa mustaqil auditor jalb qiladi va tekshiruv natijalariga koʻra, Wikileaksʻga toʻlovlar qonuniy ekanligi aniqlanadi. Ammo Visa Europe bu natijalarni tan olmaydi va oʻz tekshiruvini oʻtkazish uchun 2,5 yil davomida Wikileaksʻga toʻlovlarni bloklab qoʻyadi.

Bu masala BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissariga yetib boradi. Islandiya sudi 2013-yilda Visa Europeʻni 6000 dollar jarimaga tortadi va Wikileaksʻga har yili 2,5 million dollar tovon toʻlash haqida qaror chiqaradi. Sud qarorini iyul 2013-yilda ijro etilgan va Wikileaks toʻlovlari Islandiyaning Valitor toʻlov protsessori orqali qayta tiklangan.