Banklar omonatchilarning maqsadlariga qarab turli xil omonatlarni taklif etadi: jamgʻarma omonatlari yuqori daromad bilan uzoq muddatli saqlash uchun mos, lekin ulardan erkin pul yechib olish imkoniyati yoʻq. Toʻldiriladigan omonatlar muntazam ravishda qoʻshimcha mablagʻ kiritishni xohlovchilar uchun qulay hisoblanadi. Moslashuvchanlik zarur boʻlsa, qisman yechib olish imkoniyati mavjud omonatni tanlash mumkin. Muddatli omonatlar yuqori foizni taʼminlaydi, biroq pulni muddat oxirigacha saqlashni talab qiladi.
Spot omonatlarni ikki toifaga ajratdi: moslashuvchan shartli omonatlar — mablagʻlarni toʻldirish va qisman yechib olish imkoniyati mavjud boʻlgan, hamda maksimal daromadli omonatlar — bularning shartlari odatda qatʼiyroq, biroq foiz stavkalari yuqoriroq boʻladi.
Har ikkala holatda ham omonat ochish uchun zarur boʻlgan minimal summa 100 ming soʻmdan boshlanadi, ammo koʻpchilik banklarda minimal badal miqdori 1 mln soʻmni tashkil etadi. “Anorbank” va “Turonbank”da esa bu koʻrsatkich ancha yuqori.
Koʻpchilik banklarda omonatni muddatidan oldin yopish imkoniyati mavjud, biroq omonatda pulning saqlanish muddatiga qarab foiz stavkasi pasayishi mumkin. Banklar foizlarni toʻlashning turli xil usullarini taklif etadilar: har oyda, har kuni, shuningdek, omonat muddatining boshida yoki oxirida.
Moslashuvchan shartlardagi omonatlar
Odatda, moslashuvchan shartli omonatlar pulni toʻldirish va qisman yechib olish imkoniyatini taqdim etadi. Qulaylik uchun qoʻshimcha mablagʻ kiritish mumkin, masalan, har oyda daromadning maʼlum qismini jamgʻarish, shu bilan birga foizlarni yoʻqotmasdan mablagʻning bir qismini olish imkoniyatiga ega boʻlish mumkin.
Baʼzi banklar qoʻshimcha badalning eng kam miqdorini belgilaydilar. Bunday omonatlar oʻz mablagʻlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolgan holda, foizli daromad olishni istovchilar uchun maqbul hisoblanadi.
Koʻpincha, mablagʻlarni yechib olishda omonatda qolishi kerak boʻlgan minimal summa minimal boshlangʻich toʻlovga mos keladi. Bu borada “Anorbank”, “Kapitalbank” va “TBC Bank”ning shartlari qatʼiyroq. Masalan, “TBC Bank”da omonatning eng kam miqdori 100 ming soʻmni tashkil etadi, biroq mablagʻlarni yechib olishda hisobda kamida 10 mln soʻm qolishi kerak.
Shartlari qulay boʻlgan banklar orasida eng yuqori foiz stavkasi “Anorbank”da boʻlib, u yillik 25 foizni tashkil etadi.

Qatʼiy shartli omonatlar
Odatda, yuqori foiz stavkalariga ega omonatlar qatʼiy shartlar bilan birga keladi. Koʻpchilik banklar bunday omonatlarga pul qoʻshish imkoniyatini bermaydi, biroq baʼzi hollarda banklar dastlabki bir necha oy ichida bunga ruxsat beradi yoki minimal qoʻshish miqdorini belgilaydi.
Maqola eʼlon qilingan paytda eng yuqori stavkalar “Anorbank” va “TBC Bank”da boʻlib, u 26 foizni tashkil qiladi.
Omonat muddatidan oldin yopilganda, foiz stavkasi pulning hisobvaraqda saqlanish muddatiga qarab pasaytiriladi. Ortiqcha toʻlangan foizlar asosiy summadan chiqarib tashlanadi.
Bunday omonatlar oʻz jamgʻarmalarini yuqori foiz bilan belgilashni istagan va ulardan butun omonat muddati davomida foydalanishni rejalashtirmagan fuqarolar uchun qulay variant hisoblanadi.





