Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Reyting

Oʻzbekistonda tugʻilish va nikoh kamaydi

2024-yilning dastlabki toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda tugʻilish darajasi 3,2% ga qisqargan boʻlib, jami 693 897 nafar yangi tugʻilganlar roʻyxatga olingan. Nikohlanishlar soni 179,4 minggacha qisqarib, 2016-yildan beri eng past koʻrsatkichni qayd etdi.

2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonda tugʻilish darajasi 3,2%ga qisqargan boʻlib, jami 693 897 nafar yangi tugʻilganlar qayd etilgan (oʻtgan yilning shu davrida — 716 885). Tugʻilish shaharlarda yuqoriroq surʻatda kamaymoqda. Bu haqda Statistika agentligining Oʻzbekistonning demografik holati haqida eʻlon qilgan statistikasida maʻlumot keltirilgan.

Tugʻilishning eng yuqori darajasi Surxondaryoda kuzatilgan, tugʻilish koeffitsiyenti 30,8 promilledan 29,0 promillega pasaygan. Eng past tugʻilish koʻrsatkichi Qoraqalpogʻistonda qayd etilgan — koeffitsiyent 21,8 promilledan 20,6 promillegacha tushgan.

Nikohlanishlar soni 179,4 minggacha qisqargan, bu 2016-yildan beri eng past koʻrsatkich hisoblanadi. Qishloq hududlarida nikohlanish surʻati shaharlarga qaraganda tezroq pasaymoqda.

Erkaklarning oʻrtacha nikoh yoshi 27,4 yoshga yetgan, ayollarniki esa 22,5 yoshda oʻzgarmay qolgan.

Oʻlim holatlari oshgan boʻlsa-da, ajralishlar soni 3 yil davom etgan oʻsishdan keyin qisqargan.

Xorijga koʻchib ketganlar soni oʻtgan yilning mos davri bilan solishtirganda 6 ming 292 nafarga oshib 14 ming 666 kishini tashkil etgan.

Hozirda Oʻzbekistonning doimiy aholisi 37 million 335 ming nafarga yetgan. Bu demografik oʻzgarishlar mamlakatda aholi oʻsish surʻatlarining pasayishiga taʻsir koʻrsatmoqda.