Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Bloomberg: “Dunyo boʻylab 2022 yilda mol goʻshti isteʼmoliga boʻlgan talab keskin pasaydi”

Dunyo boʻylab 2022 yilda mol goʻshtiga boʻlgan talab pasayishni boshladi va ushbu holat 2023 yilda ham davom etishi mumkin. Mol goʻshti isteʼmolining kamayishi narxlarning oshishi bilan bogʻliq

Dunyo boʻylab 2022 yilda mol goʻshtiga boʻlgan talab pasayishni boshladi va ushbu holat 2023 yilda ham davom etishi mumkin. Bu, birinchi navbatda, mol goʻshti eng koʻp isteʼmol qilinadigan mamlakatlarga — Argentina, AQSH va Buyuk Britaniyaga tegishli, deya xabar berdi Bloomberg.

Nashrning yozishicha, 2022 yilda dunyoda mol goʻshtiga boʻlgan talab keskin pasaygan va hatto 2023 yilda inflyatsiya darajasi pasaygan taqdirdi ham bu turdagi goʻsht isteʼmoli qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Mol goʻshti ishlab chiqaruvchi Argentinaning Ciccra maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda aholi jon boshiga mol goʻshti isteʼmoli 47,2 kilogrammni tashkil etgan boʻlsa, 2007 yilda bu koʻrsatkich 68,7 kilogramm boʻlgan. Mol goʻshti isteʼmolining kamayishi mamlakatdagi narxlarning oshishi bilan bogʻliq, shuning uchun argentinaliklar tovuq goʻshtini koʻproq sotib olishni boshlagan — 20 yil ichida talab 18 kilodan 46 kilogacha oʻsdi.

Bundan tashqari, 2022 yili Braziliya, AQSH va Buyuk Britaniyada mol goʻshti isteʼmoli ham kamaydi. Chakana savdo va isteʼmolchi holatini oʻzrganuvchi NielsenIQ tadqiqot firmasi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda AQSHda mol goʻshti xaridi 4 foizga kamaydi, Buyuk Britaniyada ham qovurilgan mol goʻshti va steyk sotuvi pasaygan.

Shu bilan birga, Argentinada 2023 yilda mol goʻshtiga boʻlgan talab 2 foizdan koʻproq, AQSHda esa deyarli 5 foizga kamayishi kutilmoqda. Buyuk Britaniyada oziq-ovqat doʻkonlari va restoranlardan mol goʻshti sotib olish 2022 yilga nisbatan 5,8 foizga, qayta ishlangan goʻsht sotish 22 foizga, steyk esa 19 foizga kamaydi.