Taniqli tadbirkor Anvar Abduqayum “Turizmda xalqaro raqobat va brending” mavzusidagi sessiyada Oʻzbekiston palov brendi haqida gapirdi.
Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, turistlarni jalb qilish uchun avvalo xalqaro brendga aylanish kerak.
“Biz birinchi navbatda boshqa xalqlarda boʻlmagan va faqat bizda boʻlgan oʻziga xos, raqobatbardosh sohalarga eʼtibor qaratishimiz kerak. Bunga bitta misol — oʻzbek palovi. Hozir dunyoda qancha odam oʻzbek palovini biladi? Toʻgʻrisini aytganda, bizning palovimizni Eronniki deb oʻylaydiganlar bor. Ular palovni biz bilan bogʻlamaydi. Buning uchun nima qilish kerak? Butun dunyo boʻylab minglab osh markazlarini ochish kerak. Ochganda ham shunchaki oddiy doʻkon yoki kafe holatida emas, balki milliyligimiz ramzlarini ishlatishimiz lozim. Biz shu gastronomiya orqali butun dunyoga Oʻzbekistonni tanitishimiz mumkin”, — deydi Anvar Abduqayum.
Uning aytishicha, bu orqali bir marta emas, har kuni, har hafta eng kamida har oy Oʻzbekistonni tanitish imkoniyatiga ega boʻlinadi. Televizorda Travel to Uzbekistan degan 1 million dollarlik reklama qoʻyishimiz mumkin, lekin uni ikki-uch martadan keyin odamlar koʻrmaydi, charchaydi…
“Gastronomiyani rivojlantirish uchun ovqatni rivojlantirish kerak. Nimaga Vyetnamga borgimiz kelmaydi? Hammada xavf paydo boʻladi: bir hafta nima yeyman degan savol. Nimaga turk oshxonasi desa, butun dunyo yaxshi koʻradi? Chunki xitoylik, vyetnamlik, amerikalik yesa ham qorni ogʻrimaydi, kim yesa ham unga sal boʻlsa-da yoqadi.
Xuddi shunday: dunyoda yagona ovqat bor, qorni ogʻriyotgan odamni ham tuzatib yuboradi — bu oʻzbek milliy palovi. Chunki har kuni yesangiz ham kasal boʻlmaysiz, toʻymaysiz. Kuniga ikki-uch mahal boʻlsa ham yeyilaveradi. Bizning palovda guruch bor, guruch osiyoliklar ovqati, lekin ichida sabzi, piyoz, goʻsht koʻpligi uchun yevropaliklar ham ovqatiga kirib ketaveradi. Bundan tashqari, norin degan taomimiz ham bor, bu ovqat boshqa hech qayerda yoʻq”, — deya taʼkidlaydi tadbirkor.


