Toshkent shahrining “Oʻzekspomarkaz” 3-pavilonida 30 noyabr — 2 dekabr kunlari Craft Fair Uzbekistan xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi oʻtkaziladi.
Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochilish marosimida hozirgi kunda respublikamiz viloyatlarining oʻz imkoniyatlari ham ortib borayotganini alohida qayd etilgan.
“Oldimizga juda katta marralarni qoʻyganmiz. Har bir hududda biz yangilik yaratishga harakat qilyapmiz. Bugungi yarmarkamizda ham har bir viloyat oʻzining afzalliklari, imkoniyatlarini targʻibot qilmoqda. Avvalari Toshkentda vazirlik bu ish bilan shugʻullanardi. Hozirda esa hududlardagi mutaxassislarning ham saviyasi yuksalib, oʻzlari xalqaro darajada ishlamoqda, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomaga ega boʻlmoqda. Biz albatta har bir hududning potensialini yetkazishda yordam beramiz, lekin shuni taʼkidlash lozimki, viloyatlar ham mustaqil ravishda ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz qoʻygan marralari — keyingi yil biz kamida 7 million xorijiy va 12 million mahalliy sayyohlar oqimiga erishishimiz kerak. Bugungi tadbir ham, albatta, oʻz hissasini qoʻshadi deb oʻylayman. Shuningdek, biz bir yil davomida Qoʻqon shahrini turkiy davlatlar orasida targʻibot qilishga harakat qildik. Buning natijasida koʻplab mehmonxonalar, restoran-kafelar ochilmoqda, xizmat koʻrsatish servislari yaxshilanmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz, yangi ish oʻrinlarini yaratib, aholi daromadlarini oshirishdan iborat. Shu maqsadda hammamiz birgalikda mehnat qilmoqdamiz. Keyingi yillarga qoʻyilgan rejalar koʻp va buni albatta bajaramiz”, — deya taʼkidlaydi Aziz Abduhakimov.
Yarmarkada respublikaning barcha hududlaridan 150 nafarga yaqin mahalliy, shuningdek, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston kabi 10 ga yaqin xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan usta-hunarmandlar ishtirok etmoqda.
Yarmarkada kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yogʻoch oʻymakorligi, gilamchilik, milliy matolar, miniatyura kabi 20 dan ortiq yoʻnalishda hunarmandchilik mahsulotlarining koʻrgazma savdosi tashkil etiladi.


