Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot institutida Markaziy Osiyo mintaqasida choʻllanishga qarshi kurashish, muammolar va ularning yechimiga qaratilgan innovatsiyalar mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Turkiya, Yaponiya va Koreya davlatlarining xalqaro ekspertlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Maʼlum qilinishicha, ekspertlarning baholashiga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistondagi 70 foizdan ortiq yer maydonlari degradatsiyaga uchragan boʻlib, har yili 830 mln dollarlik yoʻqotishlar kuzatilmoqda. Xususan, eng koʻp shoʻrlangan yerlar Qoraqalpogʻistonda (90-95 foizni), Buxoroda (96 foizni) va Xorazm vohasida (95-100 foizni) tashkil etadi.
Shuningdek, Davlat ekologiya qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, organik moddalarning 30-40 foiziga kamayishi hisobiga respublika hududining 40 foiz tuproqlari unumdorligi pasaygan. Shu bilan birga, 800 ming gektarga yaqin sugʻoriladigan yerlar sugʻorish texnikasi hamda yerlarni tekislash tadbirlarini notoʻgʻri amalga oshirilayotgani tufayli eroziyaga uchramoqda.


