Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

2022 yilning 9 oyida Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 627 trln soʻmdan oshdi

Oliy Majlis Senatining oʻttiz beshinchi yalpi majlisida qtiisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan samarali choralar natijasida aholining real daromadlari 409,2 trln soʻmni tashkil etgani maʼlum qilindi

Foto: Senat axborot xizmati

Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022 yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsib, 627 trln 477 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan samarali choralar natijasida aholining real daromadlari 409,2 trln soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10,7 foizga oshgan.

Makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning bajarilishi va amalga oshirilayotgan samarali byudjet-soliq siyosati natijasida hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 147,1 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 31,1 trln soʻmga yoki 26,8 foizga koʻpayib, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 6,5 trln soʻm miqdorida mablagʻ qoldirildi.

Davlat byudjetining joriy yilning 9 oyidagi xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 162,4 trln soʻmni yoki YAIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi.

Senat aʼzolari muhokama jarayonida asosiy eʼtiborni 2022 yilning 9 oyida Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, shuningdek, Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona toʻlovlarining undiruvchanlik darajasiga qaratdilar.

Davlat mablagʻlaridan foydalanish samaradorligi borasida qurilish sohasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida haqiqatda bajarilmagan qurilish-taʼmirlash ishlarini hisobotlarga qoʻshib yozish, loyiha-smeta hujjatlarida qurilish materiallarini yuqori narxlarda koʻrsatish kabi xato va kamchiliklar aniqlangani taʼkidlandi.