Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qirgʻizistonda TikTok bloklanishi mumkin

Qirgʻiziston parlamenti deputati Janibek Qidiqboyev mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmogʻini bloklashni taklif qildi. Deputatning soʻzlariga koʻra, ushbu xizmat bolalarga salbiy taʼsir qiladi. TikTok bloklanadigan boʻlsa, “odamlar mentalitetiga mos keladigan” oʻquv materiallarini chop etish kerakligi taʼkidladi

Foto: “fainaideoa.com”

Qirgʻiziston parlamenti (Jogorku Kenesh) deputati Janibek Qidiqboyev mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmogʻini bloklashni taklif qildi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Deputatning taʼkidlashicha, ushbu xizmat bolalarga salbiy taʼsir qiladi.

“ TikTokʻda qanday reklamalar koʻrsatilayotganini oʻzingiz koʻrasiz. Narkomaniya, aroq reklama qiladi, tanalar ham koʻrsatiladi. Qirgʻiz mentalitetiga toʻgʻri kelmaydigan narsalarni eʼlon qilishadi. Bolalarga nima zarar yetkazishi mumkinligini koʻryapsizmi, tahlil qilasizmi? Balki TikTokʻni yopish kerakdir?” — dedi Qidiqboyev.

Qirgʻiziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirining oʻrinbosari Chingiz Esengul  deputatlar bilan boʻladigan shaxsiy uchrashuvda bu borada oʻz fikrini bildirishini aytdi.

“Agar ota-onalar farzandlariga smartfon sovgʻa qilmasa yoki nazorat qilsa, yomon hodisalar boʻlmasdi. Har yili tadbirlar oʻtkazamiz, chora koʻramiz”, — dedi vazir oʻrinbosari.

Qidiqboyevning soʻzlariga koʻra, agar ijtimoiy tarmoqqa kirish imkoni cheklansa, “odamlar mentalitetiga mos keladigan” oʻquv materiallarini chop etish kerak boʻladi.