“Koʻksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda.
Nufuzli anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
“Milliy iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni islohotlarning asosiy yoʻnalishi etib belgilaganmiz. Shu maqsadda valyuta bozorini erkinlashtirdik, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va taʼlim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirdik”.
Mamlakatda korrupsiyaǵa qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Bu boradagi ishlarni tizimli muvofiqlashtirib borish uchun alohida agentlik tashkil etildi.
Zamonaviy iqtisodiyot drayveri boʻlgan xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy qarorlar qabul qilindi. Bu sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi.
Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobarga tushirildi. Kelgusi yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga kamaytiriladi.
Milliy iqtisodiyot rivoji uchun xorijiy investitsiyalar qanchalik zarur ekani barchaga maʼlum.
Shu bois investorlarning huquqiy maqomini aniq belgilash va ularning manfaatlarini himoya qilish uchun investitsiyalar toʻgʻrisida alohida qonun qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida biznes-ombudsman instituti joriy etildi.
Ana shunday chora-tadbirlar global miqyosdagi beqarorlik va inqirozlar sharoitida ham milliy iqtisodiyotimiz oʻsishini taʼminlashga yordam berdi.
Xususan, pandemiya avj olgan davrda tashqi bozorlardagi ogʻir vaziyatga qaramasdan, iqtisodiy oʻsishning
ijobiy dinamikasi saqlab qolindi.
“Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 7 foizdan oshdi. Joriy yilda ham iqtisodiyotimiz oʻsishda davom etayapti (5 foizdan ortiq). Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab, biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan barcha biznes vakillariga chuqur minnatdorlik bildiraman”,– dedi Shavkat Mirziyoyev.


