Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev mutassadilarga qurilish materiallari eksportini 2023 yilda 900 million dollarga yetkazish, ichki bozor uchun 5 trillion soʻmlik qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish vazifasini yuklagan.
Bunda:
– qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun kamida 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan “Sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish va bunga birinchi bosqichda 50 million dollar resurs yoʻnaltirish;
– Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, Oʻzbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini tashkil etish;
– Ispaniya, Italiya va Turkiyaning yetakchi korxonalari bilan muzokara oʻtkazib, Angrenda chinni idishlar va santexnika buyumlari ishlab chiqarish klasterini tashkil qilish;
– kelgusi yilda Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kaolindan klaster usulida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha kamida 200 million dollarlik 10 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
Avvalroq Prezident imtiyozlar samaradorligi tahlili boʻyicha yigʻilish oʻtkazgani haqida xabar berilgandi.


