Byuro organlari tomonidan 21,8 trillion soʻmlik undiruvlar amalga oshirildi. Bu haqda AOKAda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda MIB tomonidan 21,8 trillion soʻmlik undiruvlar amalga oshirilgan. Ushbu koʻrsatkich 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,7 trillion soʻmga oshgan. Shundan davlat foydasiga 8,5 trillion soʻm, tadbirkorlik va boshqa subyektlari foydasiga 6 trillion soʻm, banklarga 5,8 trillion soʻm va fuqarolar manfaatlari uchun 1,4 trillion soʻmdan ortiq undiruvlar bajarildi.
Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 416,4 milliard soʻm pul mablagʻlari yoʻnaltirilgan.
Shundan moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1 trillion soʻmdan ortiq aliment pullari undirilgan boʻlsa, shundan 9,2 milliard soʻmlik 61 ta uy-joy va 636,6 million soʻmlik 8 ta transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan toʻlov sifatida berilishi taʼminlangan.
Shuningdek, aliment boʻyicha qarzdorlarning 130 nafar undiruvchilariga “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 1,5 milliard soʻm pul mablagʻi toʻlab berilgan. Maʼlum qilinishicha, voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlash toʻlovlari (aliment) boʻyicha undiruv 2021 yilning shu davriga nisbatan 578 milliard soʻmga oshgan.
Shu bilan birga, qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatilgan 925 nafar shaxs qayta ishga tiklangan va toʻlanmay qolgan 61 milliard soʻmlik ish haqlari undirib berilgan.


