Amerikalik tadbirkor SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi Ilon Mask Ukraina boʻyicha shov-shuvli taklifidan keyin Tayvan atrofidagi mojaroli vaziyatni hal qilish boʻyicha oʻz variantini bildirdi.
“Tayvanni Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi sifatida belgilashni tavsiya qilgan boʻlardim. Biroq bu hammaga ham maʼqul kelmasligi mumkin. Ehtimol tayvanliklar Gonkongga qaraganda yaxshiroq shartlar evaziga kelishib olishlari mumkin”, – deya aytib oʻtgan Ilon Mask Financial Times gazetasiga bergan intervyusida.
Uning soʻzlariga koʻra, Tayvan mojarosi jahon iqtisodiyotiga yalpi ichki mahsulotning taxminan 30 foizi miqdorida zarar etkazishi mumkin.
Avvalroq Ilon Mask Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaroni toʻxtatish uchun oʻz taklifini bildirgani sababli Tesla aksiyalari keskin tushib ketgani haqida xabar qilingandi.


