Senatning oʻttiz uchinchi majlisida senatorlar tomonidan yangi tahrirdagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.
Unda senatorlar nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiruvchi qonunni maʼqulladi.
Yangi tahrirdagi qonunga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida 1 yillik ish staji va ish haki miqdoridan kelib chiqib har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qoʻshib boriladi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qoʻshib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yoʻqotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga oʻtmasa)
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qoʻshib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994–2022 yillarda ish stajiga ega boʻlgan) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalariga oʻrtacha 300 ming soʻm qoʻshiladi. Natijada kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.
Shuningdek, qonunga muvofiq pensiya olish huquqi belgilangan oʻgay farzandini
18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan oʻgay ota-onalar bolani tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari boʻlgan shaxslarning pensiyalariga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizgacha miqdorida ustamalar toʻlash tartibi hukumat tomonidan belgilanishi koʻzda tutilmoqda.
Qonun prezident tomonidan imzolanib, rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


