“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 34 ta zamonaviy elektropoyezdlar sotib olish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, tender elektropoyezdlarga texnik xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni yetkazib berish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni ham oʻz ichiga oladi.
Yangi elektropoyezdlarni xarid qilish boʻyicha hozirda Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Shuningdek, 34 ta zamonaviy elektropoyezdlarning xarid qilinishi natijasida 8 ta yangi yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bular:
• Toshkent – Jizzax – Toshkent;
• Toshkent – Keles – Toshkent;
• Navoiy – Buxoro – Navoiy;
• Samarqand – Jizzax – Samarqand;
• Samarqand – Shahrisabz – Samarqand;
• Samarqand – Qarshi – Samarqand;
• Andijon – Xonobod – Andijon;
• Nukus – Xiva – Nukus.
Yangi yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovining yoʻlga qoʻyilishi natijasida bir yilda 5 million 925 ming 500 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.
Shu bilan birga, Toshkent – Xojikent – Toshkent, Toshkent – Angren – Toshkent, Namangan – Andijon – Namangan, Qoʻqon – Andijon – Qoʻqon, Toshkent – Guliston – Toshkent, Toshkent – Bekobod – Toshkent, Termiz – Sariosiyo – Termiz, Qarshi – Buxoro – Qarshi, Buxoro – Xiva – Buxoro, Samarqand – Buxoro – Samarqand kabi 10 ta mavjud yoʻnalishlarda qoʻshimcha poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.


