Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“Tabarruk ziyorat”: Turkistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga doir forum boʻlib oʻtdi

Turkistonda “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida turistlar oqimini koʻpaytirish, sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Qozogʻistonning Turkiston shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat tashkilotlari hamda turistik kompaniyalari vakillari ishtirokida “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirishga doir turkiy davlatlar tashkiloti forumi oʻtkazildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.

Forumda Qozogʻistonning turizm sohasi vakillari bilan birga Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Samarqand, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrining turizm va madaniy meros bosh boshqarmalari masʼullari ishtirok etgan.

Forum avvalida Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov forumga tashrif buyurganlarga minnatdorlik bildirgan va mazkur forum ikki davlat ziyorat turizmi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshligʻi Ibrohim Barnoyev oʻz oʻrnida, “Tabarruk ziyorat” konsepsiyasining ahamiyati haqida soʻz yuritgan.

“Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan turistlar orasida qozogʻistonliklarning oʻrni katta. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan umumiy sayyohlarning 60 foizi Turkiya, Ozarboyjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Shundan 30 foizi Qozogʻistondan tashrif buyuradigan turistlardir. 2022 yilning oʻtgan 8 oyida Oʻzbekistonga 900 ming nafardan ortiq Qozogʻiston fuqarolari turist sifatida tashrif buyurgan”, — deydi u.

Barnoyev Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan olib borilayotgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlashini va tashkilot doirasida faol ishtirok etishini maʼlum qilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning turistik shaharlari – Toshkent, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlardan forumga tashrif buyurgan turizm sohasi vakillari oʻz hududlarida turizm sohasida yaratilgan imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtgan.

Qozogʻiston madaniyat va sport ishlari vazirligining Turizm sanoati qoʻmitasi rahbari Dastan Rispekov Turkistondan Oʻzbekistonga boradigan va Oʻzbekistonning turli shaharlaridan Turkistonga keladigan turistlarga kerakli barcha qulayliklar yaratib berilishi, hududlar oʻrtasida ziyorat turizmi koʻlamini kengaytirish muhim ekanini qayd etgan.

Shundan soʻng “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida turistlar oqimini koʻpaytirish, sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, turistik mahsulotlarni birgalikda yaratish va sotish, salohiyatli sayyohlar ehtiyoji va qiziqishidan kelib chiqqan holda turistik yoʻnalishlar roʻyxatini tuzish kabi masalalar muhokama qilingan.

Forum yakuniga koʻra, Turkiston va Samarqand viloyatlari oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan.