Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Samarqanddagi “Abadiy shahar” — suratlarda

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Samarqanddagi “Abadiy shahar” karvonsaroyiga press-tur tashkil etildi

Samarqandda soʻnggi yillarda koʻplab bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, viloyatda “Abadiy shahar” karvonsaroyi qurib bitkazildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida maʼlum qilindi.

Mazkur shaharcha loyihasi “Eriell” kompaniyasi boshqaruvi raisi, taniqli meʼmor Baxtiyor Fozilov rahbarligida Bobur Ismoilov boshchiligidagi guruh tomonidan tayyorlangan.

Bunda Samarqandning Buyuk Ipak yoʻli chorrahasi boʻlgani, azaldan ilm-fan va madaniyat, savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlanganiga eʼtibor qaratilgan. Oʻz navbatida, Samarqandning dunyo sivilizatsiyasidagi oʻrni hisobga olinib, betakror loyiha ishlab chiqilgan.

 

“Abadiy shahar”da Samarqanddagi tarixiy obidalar, ulkan minorayu gumbazlar, kulollar, zardoʻzlar, chinnipazlar, musavvirlar ustaxonalari, Samarqand qogʻozi ishlab chiqaradigan qadimiy ustaxona, Samarqand noni va boshqa milliy taomlari tayyorlanadigan maskanlar, qadimiy gavjum bozor – barchasi namoyon boʻlgan.

Shuningdek, karvonsaroydan Xorazmning dunyoda tengi yoʻq gilamlari, Nurotayu Urgutning soʻzanachilik sanʼati – qadimiy kashtalari, Qoʻqonu Margʻilonning yogʻoch oʻymakorligi sanʼati namunalari oʻrin olgan.


Bu loyihani amalga oshirishga samarqandlik 300 ga yaqin usta-meʼmorlar jalb qiligan. Bu yerda qadim Sharq naqqoshlik sanʼati oʻn bitta yoʻnalishda, jumladan, ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, marmar naqqoshligi, toshtaroshlik sanʼatining noyob namunalari, shuningdek, keyingi yillarda yoʻqolib ketayotgan mayolika, mazolika tiklanib, yangicha koshinkorlik sanʼati yaratilgan.

“Samarqandda tugʻilib, oʻsganman. Ustaxonam ham shu yerda joylashgan. Yaqinda esa «Abadiy shahar”dan ham ustaxona berishdi. Endi faoliyatimni shu yerda davom ettiraman. Bu yerdagi hamma narsalar qoʻlda ishlangan. Ranglar ham maxsus tanlangan», — deydi karvonsaroy qurilishida ishlagan ustalardan biri.