Aviakompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunda yoʻlovchilar foydalanilmagan aviachipta uchun pul mablagʻini qaytarishni chipta sotib olingan joyda – aviakompaniyaning rasmiy saytida, Uzbekistan Airways Sales filialida va aviakompaniyaning chet eldagi vakolatxonalarida rasmiylashtirishlari mumkin.
Aviakompaniyaning rasmiy saytida chipta pulini qaytarib berishni rasmiylashtirishda yoʻlovchining shaxsiy maʼlumotlari, xizmat koʻrsatuvchi bank toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va aviachipta maʼlumotlarini kiritish talab etiladi. Foydalanilmagan aviachipta uchun pulni qaytarib berish shakli Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan banklarining talablariga muvofiq ishlab chiqilgan va ushbu maʼlumotlarni kiritmasdan, pulni qaytarish boʻyicha aviakompaniyaning moliyaviy koʻrsatmasi koʻrib chiqilmaydi.
“Ayni paytda aviakompaniyada bu boradagi barcha jarayonlarni soddalashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Tez orada aviakompaniya saytida foydalanilmagan yoki qisman foydalanilgan aviachiptalar uchun pul mablagʻini qaytarishning soddalashtirilgan funksiyasidan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi”, – deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, bank toʻlov tizimlari tomonidan dasturiy taʼminotning takomillashtirilishi aviakompaniyaning rasmiy saytida aviachiptani qaytarish shaklini toʻldirishni sezilarli darajada soddalashtiradi va barcha axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda, toʻlov tizimlarining xalqaro standartlarga muvofiq uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyaning foydalanilmagan aviachipta uchun pul mablagʻlarini qaytarish tartibi murakkabligi haqida xabarlar tarqalgandi.


