Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

AQSH oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashladi

AQSH Mehnat vazirligining dunyodagi majburiy mehnat bilan bogʻliq hisoboti eʼlon qilindi. Bu esa toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini ochadi

Foto: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maʼlum qilishicha, 28 sentyabr kuni AQSH Mehnat vazirligi “Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati-2022” yillik hisobotini eʼlon qilgan.

Unga koʻra, oʻzbek paxtasi majburiy hamda bolalar mehnati orqali ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatidan chiqarildi. Bu Oʻzbekistonning paxta mahsulotlarini AQSHga eksport qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Mazkur qaror Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021 yilgi paxta hosili monitoringi davomida tizimli majburiy mehnat aniqlanmaganligini sababli qabul qilindi. Hisobotda oʻzbek paxtasi ushbu roʻyxatdan chiqarilishi sabablari sifatida Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy islohotlarni olgʻa sura boshlagan 2017 yildan buyon Oʻzbekistonda paxta sanoatidagi jiddiy oʻzgarishlar bilan bogʻliqligi aytib oʻtilgan.

Maʼlumot uchun, oʻzbek paxtasi 2009 yilda bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, 2018 yilda xalqaro kuzatuvchilar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan olib borilgan monitoring va tadqiqot natijalariga koʻra, AQSH Mehnat departamenti oʻzbek paxtasini bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxatidan chiqarib tashlagan edi. Biroq, mazkur mahsulot majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatida saqlanib kelayotgandi. Bugungi kunga kelib oʻzbek paxtasi ushbu roʻyxatdan butunlay chiqarib tashlandi.