Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Samarqanddagi “Ipak yoʻli” universitetini ilk bitiruvchilar tamomladi

Bitiruvchilar turli xalqaro tashkilotlar va ularning rahbarlaridan tabrik qabul qilib oldi.

Foto: “Bugun.uz”

Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini 2021/2022 yil oʻquv yilida dastlabki kadrlar tamomlab, oliy maʼlumotga ega boʻldi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar berdi.

Ular turli xalqaro tashkilotlar va ularning rahbarlaridan tabrik qabul qilib oldi. Xususan, Xalqaro turizm tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, turli davlatlarning turizm vazirlari va mutasaddilari universitetning “ilk qaldirgʻochlari”ga videotabrik yoʻllab, ularning kelajakdagi faoliyatiga omad tilagan.

Rossiya davlat Turizm agentligi rahbari Zarina Doguzova “Ipak yoʻli” bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigidan universitetning turizmdagi oʻrni haqida gapirdi:

“Qadrli bitiruvchilar, men sizlarni ʻIpak yoʻliʼ turizm va madaniy meros xalqaro universitetini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan tabriklayman. Turizm — hayotning ijtimoiy va iqtisodiy yoʻnalishlariga teng va kuchli darajada taʼsir qiluvchi tarmoq.

Har bir davlatning oʻziga yarasha turistik potensiali bor, ammo buni koʻrsata olish kerak. Aynan sizlarga ushbu sohaning kelajagi sifatida qaraymiz. Turizmning kelajagi qanday boʻlishi aynan sizga bogʻliq: sayohat qilish uchun qanday sharoitlar yaratilishi, umuman, odamlarning hayotida turizmning roli qanday boʻlishi.

Shubha yoʻqki, ʻIpak yoʻliʼ turizm va madaniy meros xalqaro universiteti turizm sohasidagi zamonaviy bozordagi talablarga javob beruvchi yetuk malakali kadrlar oʻchogʻi.

Men sizlarga chin qalbimdan oʻzingizning sohangizga ishonch, mamnuniyat bilan faoliyat yuritish, sohangizdagi eng zoʻri boʻlishni tilayman. Hayotiy va professional yoʻlingizda omad yor boʻlsin”.

Isroil turizm vaziri Yoel Razvozov ham bitiruvchilarga tabrik yoʻllab, ikki mamlakat oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni yana kuchaytirishga hissa qoʻshishiga umid bildirgan.

“Isroil va Oʻzbekiston oʻrtasida chuqur tarixiy aloqalar bor. Men ishonamanki, sizlardek yetuk kadrlar sababli kelajakda ham bu davom etadi va rivojlanadi. Men sizlarning professional faoliyatingizda omad tilayman. Va eng asosiy, qilayotgan ishingizdan rohatlanishingizga tilakdoshman. Isroilda koʻrishguncha”, — deydi vazir.

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Oʻzgul Oʻzkan Yavuz oʻzining tabrigida ota yurti — Oʻzbekistonga salom yoʻllab, Samarqandni dunyodagi eng goʻzal shahar deb atagan.

“Kelajakdagi faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyat tilayman. Muhabbat va sogʻliq tilab, salom deb qolaman”, — deya taʼkidlagan vazi.

Shu bilan birga, Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi Jang Ming, Turkiy davlatlar tashkiloti raisi Bagʻdod Amreyev ham bitiruvchilarga tabrik yoʻllagan.

Bundan tashqari, Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qirgʻiziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Azamat Jamankulov, Tojikiston Turizmni rivojlantirish agentligi rahbari Tojiddin Joʻrazoda va Malayziya turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Nensi Shukri ham “Ipak yoʻli” universiteti bitiruvchilarini tabriklagan.