Davlat statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston eng koʻp qaysi davlatlardan parranda goʻshti import qilayotgani boʻyicha maʼlumot berdi.
Unga koʻra, 2022 yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonga 14 ta davlatdan qiymati 11,7 milion dollarga teng boʻlgan 12,4 ming tonna parranda goʻshti import qilingan.
Parranda goʻshti importi 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,1 ming tonnaga oshgan.
2022 yilning dastlabki 3 oyida Oʻzbekiston eng koʻp parranda goʻshtini import qilgan davlatlar:
- Polsha — 3,3 ming tonna;
- Turkiya — 2,7 ming tonna;
- Rossiya — 1,7 ming tonna;
- Belgiya — 1,6 ming tonna;
- AQSH — 828,5 tonna;
- Litva — 484 tonna;
- Niderlandiya — 428 tonna;
- Germaniya – 261 tonna.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda goʻshtni qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish muddati uzaytirildi.
Goʻsht (mol goʻshtini, qoʻy goʻshtini), tirik hayvonlar (molni va qoʻyni) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekistonga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha choʻzildi.


