Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtiladi, davlat donni 2021 yilgidan ikki baravar qimmat sotib oladi

Fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonda gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtiladi, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi 2021 yildagi 1 million 550 ming soʻmdan 2022 yil hosili uchun 3 million soʻmga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilishda maʼlum qildi.

Prezidentning aytishicha, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti.

Shuningdek, Prezident qishloq xoʻjaligi islohotlari boshlagan davrda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy gʻalla bozorini yaratish bundan uch yil oldin eʼlon qilinganiga toʻxtaldi.

“Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, 1 iyundan boshlab gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtamiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bunda, eng avvalo, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi 2021 yildagi 1 million 550 ming soʻmdan 2022 yil hosili uchun 3 million soʻmga, yaʼni 2 baravarga oshirilishi maʼlum qilindi.

Avvalroq Oʻzbekistonda bugʻdoy importi 22 ming tonnaga oshgani haqida xabar berilgandi.