Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Kinokarvon guruhi Qashqadaryoda uchrashuvlar oʻtkazmoqda

Kinokarvon guruhi “Mahallada duv-duv gap” dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatining turli hududlariga safar qiladi.

Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan agentlik hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan taniqli kinoijodkorlardan iborat Kinokarvon guruhi Qashqadaryo viloyatida uchrashuvlarni oʻtkazmoqda.

Kinokarvon guruhi Shahrisabz shahridagi Madaniyat saroyi, Shahrisabz shahridagi Oqsaroy tarixiy yodgorligi, Chiroqchi tumani Madaniyat markazi, Kitob tumani Topchoq MFY, Yakkabogʻ tumanidagi Saxovat internat uyi hamda Shahrisabz tumani ayollar muruvvat uyiga va mahallalarga tashrif buyurdi.

“Kinokarvon safarlari bizga juda manzur boʻlmoqda. Oʻz ijodimiz haqida yurtimizning turli hududlarida yashovchi aholi bilan muloqotlar oʻtkazmoqdamiz. Uchrashuvlarda barcha bizni iliq kutib olyapti”, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibasi, taniqli aktrisa Barno Qodirova.

Tashrifda yigʻilganlar bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Suhbatda kinematografiya sohasidagi soʻnggi yangiliklar, turli janrlarda yaratilayotgan filmlar haqida soʻz bordi.

Soʻng, Kinokarvon guruhidagi taniqli kinoijodkorlar bilan intervyular, jonli muloqot va fotosessiyalar tashkil etildi.

“Kinokarvon safarlarida biz chekka chekka hududlarda yashovchi insonlarning koʻzlarida quvonch, sanʼatkorlarga boʻlgan mehrni koʻrdik. Qolaversa, ular yangi milliy filmlarni ham katta qiziqishlar bilan kutib olishmoqda. Biz bunday safarlarni yanada koʻproq uyushtiramiz”, — deya taʼkidladi Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi vakili Barno Oʻngboyeva.

Oldinda Kinokarvon guruhi “Mahallada duv-duv gap” dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatining turli hududlariga safar qiladi. Shuningdek, “Kinoklub” ixtisoslashtirilgan avtotransportlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Afv”, “Bir kunlik toʻy”, “101 reys”, “Lolagulim” kabi yangi milliy filmlar namoyishlari boʻlib oʻtadi.