Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Davrbank”ka nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi

Jarima sanksiyasiga fuqarolarning bank kartasidagi pul mablagʻlari ularning ruxsatisiz yechib olingani sabab boʻlgan.

Foto: Kommers.uz

Oʻzbekiston Markaziy banki “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qoʻlladi. Bunga fuqarolarning bank kartasidagi pul mablagʻlari ularning ruxsatisiz yechib olingani sabab boʻlgan.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga bu borada murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar oʻrganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini soʻndirish uchun biriktirilib, mablagʻlar yechib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani aniqlangan.

Bunday amaliyotni yoʻlga qoʻygan “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qoʻllanilgan. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablagʻlarni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qoʻyish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablagʻlarni qaytarib berilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

“Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat koʻrsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan soʻndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

Shu oʻrinda Markaziy bank barcha tijorat banklariga “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 57-moddasida bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani uchun bankka nisbatan choralar koʻrilishi belgilanganini eslatib oʻtgan.