Mart oyida Rossiyada yangi avtomobillar narxi oʻrtacha 40 foizga oshdi. Bu haqda “Kommersantʼ” dilerlar soʻrovi va “Avtostat” maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchilar veb-saytlaridagi ochiq narxlar roʻyxatiga koʻra, avtomobillar 35–45 foizga qimmatlashgan. Oldinroq Haval kabi baʼzi importyorlar va distribyutorlar chakana narxlarni veb-saytlardan olib tashlashni boshladi. Ushbu qaror valyuta kursining oʻzgaruvchanligi bilan bogʻliq, shuning uchun tez-tez narxlar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish kerak boʻladi.
Lada avtomobillari mart oyidayoq ikki baravar qimmatlashdi. “AvtoVAZ” narxlarni 11–47 foizga oshirdi. Kia narxi 24–39 foizga oshdi.
“Avilon Mersedes-Bens” direktori Renat Tyukteyevning soʻzlariga koʻra, premium avtomobillar boshqalarga qaraganda koʻproq qimmatlashgan: oʻrtacha 50–60 foizga. Tyukteyevning fikricha, tanqislik AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya sanksiyalari tufayli yetkazib berish bilan bogʻliq muammolar tufayli yuzaga kelgan, bu allaqachon sezilmoqda va faqat oʻsishda davom etadi.
“Avtodom” kompaniyalar guruhi bosh direktori Andrey Olxovskiyning taʼkidlashicha, Rossiyada barcha rusumdagi avtomobillardan “oʻrtacha 50 dona” mavjud. Eng koʻpi Mercedes-Benz omborlarida, eng kami esa Jaguar omborlarida saqlanadi. “Avilon”da hozircha 25 dona Mercedes-Maybach zaxirasi mavjud, ular odatda bir oy ichida sotiladi.
Tyukteyevning qayd etishicha, asosiy tovar zaxirasi bir hafta oldin toʻplangan va bu narxga taʼsir qildi. U tovarlar ikki oydan besh oygacha boʻlgan ish uchun yetarli boʻlishini kutmoqda.
“Oʻrta narx segmentidagi avtomobillar uchun zaxiralar kattaroq, biroq nafaqat yuk tashish, balki mahalliy ishlab chiqarish ham toʻxtatilgan. Mashinalar taqchilligi kuchaymoqda”, — deydi ekspert.
Olxovskiyning taʼkidlashicha, mart oyida savdolar 60 foizga kamaydi. Unga koʻra, tendensiya aprel oyida ham davom etadi.
“Agar Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgarmasa, pasayish 70 foizga yetishi mumkin. Dilerlik doʻkonlarida trafik minimal”, — deya qoʻshimcha qiladi u.
“Pragmatika” kompaniyalar guruhi bosh direktori Vladislav Ridayevning soʻzlariga koʻra, hududlardagi dilerlar vaziyatni yanada salbiy baholamoqda. Yangi avtomashinalarning zaxiralari talab qilinadigan oylik qoldiqlarning 25 foiz darajasida.
“Bozor muzlatilgan, barcha narx segmentlarida talab yoʻq. Odamlar allaqachon oʻz jamgʻarmalarini yirik xaridlarga sarmoya qilishgan hamda endi ular don va shakar sotib olishlari aniq. Omborlarda zaxiralar bor, lekin ular ikki-uch oyga yetadi. Hamma kutmoqda”, — deydi “Premyera” holdingi benefitsiari Vladimir Sipko.
Fresh Auto kompaniyasi bosh direktori Denis Migalning aytishicha, oy oxiriga kelib avtomobillar narxi 5–10 foizga tushgan ikkilamchi bozorda oʻsishni kutish mumkin.
Avvalroq Rolls-Royce Rossiyaga avtomobil yetkazib berishni toʻxtatgani xabar qilingandi. Shuningdek, qanday smartfonlar Rossiyaning mahalliy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilishi haqida xabar berildi.


