Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston bozorlaridagi narxlar: nima arzonlashib, nimalar qimmatlashdi?

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi narxlar boʻyicha tahlil eʼlon qildi.

Foto: Sputnik

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan 1–7 mart kunlari Qoʻyliq va Chorsu dehqon bozorlarida asosiy isteʼmol tovarlarining ulgurji narxlari boʻyicha kuzatuv natijalari eʼlon qilinib borildi. Vazirlik asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va goʻsht mahsulotlarining ulgurji narxlari oʻzgarishi yuzasidan tahliliy maʼlumot berdi.

Arzonlashgan mahsulotlar

Ushbu davr mobaynida bozorda kivi 1500 soʻmga, uzum 1000 soʻmga, mosh 750 soʻmga, lavlagi va turp 500 soʻmga hamda guruch (alanga) 250 soʻmga arzonlashgan.

Qimmatlashgan mahsulotlar

Bozorlarda yashil bulgʻori qalampiri narxi 9000 soʻmga, qizil bulgʻor qalampiri 6000 soʻmga, noʻxat 4000 soʻmga, bodring va guruch (lazer) 2000 soʻmga, pomidor 500 soʻmga, karam 450 soʻmga hamda kartoshka (mahalliy) 150 soʻmga oshgan.

Bozorlarga eng koʻp keltirilgan mahsulotlar

Tezkor maʼlumotlarga asosan, Qoʻyliq bozoriga 1–7 mart kunlari hududlardan jami 5,4 ming tonna mahsulot, xususan, 2,9 ming tonna kartoshka, 1,7 ming tonna piyoz, 219 tonna karam va 547 tonna sabzi keltirilgan.

Shundan, Toshkent viloyatidan 74 tonna kartoshka, 593 tonna piyoz, 219 tonna karam, 203 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 1 036 tonna piyoz, Jizzax viloyatidan 98 tonna piyoz, Qashqadaryo viloyatidan 131 tonna, Surxondaryo viloyatidan 121 tonna va Sirdaryo viloyatidan 92 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.

Shuningdek, Qoʻyliq bozoriga Qozogʻistondan 218 tonna, Qirgʻizistondan 69 tonna, Afgʻonistondan 181 tonna, Pokistondan 2 203 tonna va Erondan 160 tonna kartoshka keltirilgan.

Shu bilan birga, hududlardan Chorsu dehqon bozoriga 1–7 mart kunlari jami 111,1 tonna, shu jumladan, 79,3 tonna mol goʻshti va 31,8 tonna qoʻy goʻshti keltirib sotilgan.

Avvalroq Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida sement narxi koʻtarilgani xabar qilingandi. Shuningdek, fevral oyida jahon boʻylab oziq-ovqat narxlari rekord darajaga yetgani haqida xabar berildi.