“Katta toʻrtlik” auditorlari PwC va KPMG Rossiyadan chiqib ketadi. Bu haqdagi kompaniyalar bayonotlari Twitterʻda eʼlon qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, kompaniyalar Rossiya va Belarus boʻlinmalarini oʻz tarkibidan chiqaradi. Boʻlimlar mahalliy mijozlar va oʻz mamlakatlarida joylashgan xalqaro kompaniyalar bilan ishlaydi.
KPMG auditori Twitter sahifasida uning Rossiya va Belarus boʻlinmalari Rossiyaning Ukrainaga davom etayotgan harbiy hujumi tufayli tarmoqni tark etishini aytdi.
“KPMG Rossiya va Belorussiyada 4500 kishi ishlaydi va ular bilan ish munosabatlarimizni tugatish juda qiyin, ularning aksariyati KPMG bilan oʻnlab yillar davomida ishlagan”, deyiladi kompaniya bayonotida.
PwC, oʻz navbatida, 3700 nafar xodimdan iborat Rossiya boʻlimi global tarmoqni tark etishini maʼlum qildi. Biroq kompaniya rossiyalik hamkasblarini qoʻllab-quvvatlash uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi.
“Rossiya kompaniyasining mijozlar bilan ishlash tamoyillari va qoidalari oʻzgarishsiz qoladi. Ishonchimiz komilki, Rossiya firmasining biznesi rivojlanishda davom etadi”, — degan PwC global raisi Bob Moris oʻz bayonotida.
KPMG Rossiyani bir necha kun ichida tark etadi. PwC uchun Rossiya boʻlinmasining global tarmoqdan chiqishi silliq boʻladi. Qayd etilishicha, Rossiya boʻlinmalari global tarmoqlardagi sobiq hamkasblaridan tavsiyalar olgan holda xalqaro mijozlarning mahalliy auditi bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, PwCʻning Rossiya va Belarusdagi mustaqil boʻlinmalari nomi oʻzgartiriladi. Deloitte va EY oʻzlarining “Katta toʻrtlik” hamkasblariga ergashishlari mumkin.
“Hamma biladiki, oʻyin Rossiyada tarmoq firmasini saqlab qolish nuqtai nazaridan boy berildi”, — dedi “Katta toʻrtlik”kompaniyalardan biridagi manba.
Avvalroq JPMorgan Rossiyani 1998 yildagi kabi iqtisodiy inqiroz xavfidan ogohlantirgani xabar qilingandi. Shuningdek, Janubiy Koreya Rossiya Markaziy banki bilan moliyaviy operatsiyalarni toʻxtatgani haqida xabar berildi.


