Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Rossiya kompaniyalari yoppasiga Xitoy banklarida hisob raqam ochishni boshladi

Yaqin orada kompaniyalarning yuandagi operatsiyalari ortishi kutilmoqda.

Foto: “coinwire.com”

Xitoy davlat bankining Moskvadagi filiali yangi hisob raqamlarini ochmoqchi boʻlgan rossiyalik kompaniyalarning soʻrovlari koʻpayganini maʼlum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi bir necha kun ichida 200 dan 300 tagacha Rossiya kompaniyalari Xitoy davlat bankiga yangi hisob raqamlarini ochish istagini bildirgan. Ushbu kompaniyalarning aksariyati Xitoy bilan ish olib boradi, shuning uchun ularning yuandagi operatsiyalari tez orada oshadi.

Qayd etilishicha, Moskvada Xitoyning bir nechta davlat banklari, jumladan, Industrial & Commercial Bank of China, Agricultural Bank of China, Bank of China va China Construction Bank faoliyat olib boradi.

“Bu juda oddiy mantiq. Agar siz AQSH dollari yoki yevrodan foydalana olmasangiz hamda AQSH va Yevropa sizga koʻp narsalarni sotishni toʻxtatsa, Xitoyga murojaat qilishdan boshqa ilojingiz yoʻq. Bu tendensiya muqarrardir”, deya oʻz manbasidan iqtibos keltiradi Reuters.

Uning soʻzlarini Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar bilan shugʻullanuvchi savdo tashkiloti rahbari Shen Muxuey ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga, uning qoʻshimcha qilishicha, Xitoyning kichik eksportchilari rubl qadrsizlanishidan aziyat chekmoqda va ehtimoliy yoʻqotishlarning oldini olish uchun yetkazib berishni toʻxtatmoqda.

Avvalroq Milliarder Farhod Moshiri Alisher Usmonovning USM holdingi direktorlar kengashidan ketgani xabar qilingandi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yettita bankini SWIFT tizimidan uzib qoʻygani haqida xabar berildi.