Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonda bojxona organlari pulli xizmat koʻrsatishni boshlaydi

Prezident bojxona organlari vazifalarini kengaytirishga oid qonunni imzoladi.

Foto: Davlat bojxona qoʻmitasi

Oʻzbekistonda bojxona organlari pulli xizmat koʻrsatishni boshlaydi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 18 fevraldagi “ʻDavlat bojxona xizmati toʻgʻrisidaʻgi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni imzolangan.

Oʻzgartirish va qoʻshimchalar bir qator bandlardan iborat. Birinchidan, 3-moddaning 7-bandiga muvofiq bojxona organlarining asosiy vazifalari doirasi kengaytirilgan. Bojxona organlariga oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish vazifasi berilgan.

Ikkinchidan, 7-modda 4 va 13-bandlar bilan toʻldirilgan. Ularga muvofiq, bojxona organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona auditini oʻtkazish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmatlar koʻrsatish huquqiga ega.

Uchinchidan, 13-moddaning 4-qismi yangi tahrirda bayon etilgan, unda alohida hollarda bojxona organlari xizmatga quyidagilar qabul qilinishi belgilangan:

  • farmon, qaror yoki farmoyish, Prezidentning roziligi yoki Vazirlar Mahkamasining qarori yoxud Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlari;
  • Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida tor ixtisoslashgan yuqori malakali mutaxassislar boʻlgan 30 yoshdan oshgan fuqarolar.

Toʻrtinchidan, 13-moddaning 5-qismi ham oʻzgartirilgan. Oʻzgartishlarga muvofiq, bojxona organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin boʻlmagan shaxslar qatoriga jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar qoʻshilgan.

Beshinchidan, 17-moddaning 1-qismi yangi tahrirda bayon etilgan. Unda Davlat bojxona qoʻmitasining raisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin bosh vazirning taqdimiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Oltinchidan, 18-modda 2-qism bilan toʻldirilgan. Unga koʻra bojxona organlariga qabul qilingan xodimlar (Bojxona instituti bitiruvchilari bundan mustasno) birlamchi kasbiy qayta tayyorlashdan oʻtishi shart.

Taʼkidlanishicha, boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2022 yil 18 fevraldan kuchga kirgan.

Avvalroq Oʻzbekistonda Bojxona kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Prezident 2022 yil bojxona tizimida boʻladigan oʻzgarishlarni sanagani haqida xabar berildi.