Oʻzbekiston banklarining pul bozoridagi faolligi yanvar oyida bir yil oldingi koʻrsatkichlardan past boʻldi. Bu haqda Markaziy bankning banklararo pul bozori sharhida maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, banklararo pul bozoridagi umumiy likvidlik holati 2022 yilning yanvar oyida banklarning pul bozoridagi faolligi 2021 yil dekabr oyiga nisbatan ortgan boʻlsada, 2021 yilning yanvar oyidagi koʻrsatkichlardan past boʻlgan.
Qayd etilishicha, bozordagi dinamika yil boshida hukumat xarajatlarining mavsumiy kamayishi, muomaladagi naqd pul miqdorining kamayishi va Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga intervensiyalari hajmining ortishi hisobiga bank tizimi umumiy likvidligining nisbatan muvozanatlashuvi fonida shakllangan.
Bunda, oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar ham soʻnggi oylardagi kabi oʻzgarishsiz saqlanib qolib, asosiy stavka va asosiy stavka foiz koridorining quyi chegarasi oraligʻida shakllangan.
Taʼkidlanishicha, yanvar oyida ham bank tizimi likvidligida avvalgi oylardagi kabi tarkibiy profitsit (ijobiy tafovut) saqlanib qolgan va oʻrta hisobda 2,2 trillion soʻmni tashkil etgan.
Xabarga koʻra, likvidlikni oshiruvchi omillar quyidagilardan iborat:
- ishlab chiqaruvchilar bilan oltin xaridi bilan bogʻliq operatsiyalar — 5,6 trillion soʻm;
- muomaladagi naqd pullarning bank tizimiga qaytishi — 2,1 trillion soʻm.
Shuningdek, likvidlikni kamaytiruvchi omillar:
- ichki valyuta bozoriga intervensiyalar — 8,1 trillion soʻm, bunda ichki valyuta bozoriga intervensiyalar oʻtgan yillarda yigʻilib qolgan mablagʻlar hisobiga ham qoʻshimcha ravishda amalga oshirilgan;
- yilning dastlabki oylarida hukumat operatsiyalarining mavsumiy kamaytiruvchi taʼsiri — 2,5 trillion soʻm;
- bank tizimida depozitlar bazasi oshib borishiga mutanosib tarzda majburiy zaxiralarni shakllantirilishi — 97 milliard soʻm.
Avvalroq Oʻzbekistonga yanvar oyi qancha transchegaraviy pul kirib kelgani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi banklarning reytingi eʼlon qilingani haqida xabar berildi.


