Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda ayrim xoʻjaliklarga har bir gektar yer uchun 8 mln soʻmdan subsidiya beriladi

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Foto: Kommers.uz

Oʻzbekistonda suvni tejash texnologiyalari yordamida ekin yetishtiradigan xoʻjaliklarga har bir gektar yer uchun 8 million soʻmdan subsidiya beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi chorvachilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash, sohada ilgʻor texnologiyalarni keng qoʻllash orqali goʻsht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, suvni tejash texnologiyalari yordamida ozuqa ekinlari yetishtirishni yoʻlga qoʻygan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash uchun ularga har bir gektar uchun 8 million soʻm subsidiya beriladi. Shuningdek, xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Bundan tashqari, kredit foizining 14 foizdan oshadigan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi. Goʻsht va sut uchun byudjet hisobidan beriladigan subsidiya miqdori esa 2 baravarga oshiriladi.

Qayd etilishicha, viloyat va tuman hokimlari yil yakuniga qadar ushbu yoʻnalishda 100 ming aholi bandligini taʼminlashga masʼul boʻladi.

Shu bilan birga, Prezident 2022 yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yoʻnaltirish zarurligini qayd etgan.

Avvalroq Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi boʻyicha 3 ta hudud tajribasi uchun 10 yillik xorijiy kreditlar ajratilishi xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda tomorqalarni sugʻorish xarajatlarini qisman qoplashga 50 milliard soʻm ajratilishi haqida xabar berildi.