Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

YXHB tizimida har yili kamida 400 mlrd soʻmga ega boʻladigan jamgʻarmalar tashkil etiladi

Yoʻl belgilarini ishlab chiqishda “Avtoyoʻl”ning monopoliyasi bekor qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

11 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Xavfsiz va ravon yoʻl” tamoyili asosida yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tizimida har yili kamida 400 milliard soʻmga ega boʻladigan jamgʻarmalar tashkil etilishi taʼkidlangan.

Qayd etilishicha, endi viloyat va tuman markazlaridagi yoʻl belgilari va koʻrsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar oʻrnatish, yoʻl chiziqlar chizish, piyoda oʻtish joylarini belgilash, umuman yoʻl harakati vositalarini tartibga solishga Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi masʼul boʻladi.

Bu boradagi ishlarni moliyalashtirish uchun YXHB tizimida “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamgʻarmalari tashkil etilishi maʼlum qilingan.

Jamgʻarmalar har yili kamida 400 milliard soʻm tushadigan aniq manbalarga ega boʻladi.

Davlat rahbari misol tariqasida Fargʻona viloyati tajribasini koʻrsatib oʻtdi. Viloyat byudjetidan 24 milliard soʻm ajratilib, 125 kilometr yoʻllarga yoritgich va nur qaytaruvchi vositalar, 24 ta piyoda yoʻlaklariga svetofor, 107 tasiga “sunʼiy doʻngliklar” oʻrnatilgan.

Natijada viloyatda umumiy avariyalar 31 foizga, oʻlim bilan bogʻliq holatlar 21 foizga, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 37 foizga kamaygan.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga ichki ishlar boshliqlari bilan birga muammoli joylar, “avariya oʻchoqlari”dan kelib chiqib, ularni bartaraf etish boʻyicha oylik va choraklik manzilli dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan.

Bundan tashqari, yoʻl belgilarini ishlab chiqishda “Avtoyoʻl”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.

Avvalroq Toshkentda 300 ta chorraha yil oxirigacha raqamli tizimga oʻtkazilishi xabar qilingandi.