Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Boj, soliq va grantlar: suv taʼminotini yaxshilashda xususiy sektorga yengilliklar beriladi

Prezident 1 mayga qadar suv taʼminoti boʻlmagan mahallalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni toifalarga ajratishga topshiriq berdi.

Foto: Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi

Oʻzbekistonda suv taʼminotini yaxshilashga xususiy sektor jalb qilinib, ularga yengilliklar beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida hududlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalalari yuzasidan yigʻilishda xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, davlat rahbari 1 mayga qadar suv taʼminoti boʻlmagan mahallalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni toifalarga ajratishga topshiriq bergan.

Taʼkidlanishicha, bunda qaysi mahallada quduq qazish, qaysi biriga markazlashgan tarmoq tortish yoki markaziy hovuz barpo etish lozim, degan savollarga aniq javob boʻlishi zarur.

Bu ishlarga xususiy sektorni jalb qilish uchun bir qator yengilliklar beriladi. Jumladan, suv yetkazib berish uskunalari, maxsus transport xarid qilishga va obyektlar qurish uchun kredit foizining 14 foizidan yuqori qismiga subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, import qilinadigan uskunalar va texnikalarga bojxona bojlari bekor qilinadi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokidagi suv taʼminoti korxonalariga foyda, yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy buyurtmalar uchun byudjetdan har yili kamida 50 milliard soʻm grant ajratiladi. Ushbu mahallalarda xususiy suv taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovlar miqdori mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Avvalroq Oʻzbekistonda kelgusi 5 yil ichimlik suvi taʼminoti uchun 40 trillion soʻm investitsiya jalb qilinishi xabar qilingandi.