Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida hududlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident kelgusi besh yilda ichimlik suvi taʼminoti sohasiga 40 trillion soʻm investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi taʼminotini 90 foiz, oqova suv tizimi qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilganini maʼlum qilgan.
Joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 2 trillion soʻm byudjetdan ajratiladi, 245 million dollar jalb etiladi.
“Asosiy eʼtiborni suv taʼminoti va sifati past hududlarni rivojlantirishga qaratamiz”, — deydi davlat rahbari.
Bu borada qoʻllanishi kerak boʻlgan 3 ta tajriba koʻrsatib oʻtildi:
Namangan viloyatining 85 ta mahallasi uchun mahalliy byudjet hisobidan 260 km tarmoq tortib, 8 ta quduq qazib, 8 ta suv minorasi qurilgan. Natijada 25 ming aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan.
Baliqchi, Pop, Uchqoʻrgʻon, Qoʻshtepa va Quvaning 6 ta mahallasida vazirlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida 7 ta suv inshooti va 117 km tarmoq qurilib, 20 mingdan ortiq aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.
Yuqoridagi imkoniyatlar boʻlmagan mahallalarda tashib kelinadigan suv hisobiga 25-50 tonnalik markaziy suv hovuzi qurib, xonadonlarga tarmoq oʻtkazsa boʻladi.
“Soʻnggi besh yil davomida aholi suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 10 trillion soʻm yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar koʻp mablagʻ ajratdik. Bu davrda ilk bor 6,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi”, — deydi davlat rahbari.
2021 yilda 6300 kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgani, 474 ta suv inshootlari qurilgani, 592 ta mahallada 2,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilangani taʼkidlangan.


