Yevropa Ittifoqi AQSH va boshqa davlatlar bilan Yevropaga gaz yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, rasmiy Bryussel Vashington bilan energetika xavfsizligi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda.
“Biz Qoʻshma Shtatlar bilan energiya xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni qurmoqdamiz, bu birinchi navbatda suyultirilgan gaz yetkazib berishni koʻpaytirishga qaratilgan”, — deydi fon der Lyayen xonim matbuot anjumanida.
Fon der Lyayen Norvegiya kabi boshqa gaz yetkazib beruvchilar bilan ham Yevropani energiya manbasi bilan taʼminlash boʻyicha muzokaralar olib borilayotganini qoʻshimcha qilgan.
Gʻarb davlatlari va Moskva oʻrtasidagi keskinlikning kuchayishi fonida Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berish borasida xavotirlar paydo boʻldi. AQSH muqobil yetkazib berish yoʻllarini oʻrganmoqda. Shuningdek, Vashington va Bryussel boshqalar qatorida Ukrainaning ham energiya xavfsizligini taʼminlashni maqsad qilgan.
7 fevral kuni Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi 2022 yilning ikkinchi va uchinchi choraklarida Polsha orqali Germaniyaga gaz yetkazib berish uchun Yamal-Yevropa gaz quvurining quvvatlarini band qilmadi. Kompaniya, shuningdek, Ukraina orqali qoʻshimcha gaz tranzitini ham bron qilmadi.
Avvalroq Yevropadagi gaz omborlari 85 foizga boʻshagani xabar qilingandi.


