Oʻzbekistonda soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan 15 nafar fuqaroga 9 million soʻm mukofot berildi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumot uchun, 2022 yil 1 yanvardan soliq huquqbuzarliklari haqida “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” boʻlimi orqali xabar bergan fuqarolarga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot toʻlanishi belgilangan.
Joriy yil 1 yanvardan 4 fevralga qadar “Soliq hamkor” orqali yoʻllagan murojaatlari oʻz tasdigʻini topgan fuqarolarga jami 17,5 mln soʻm mukofot tayinlangan boʻlib, ayni paytda 15 nafar fuqaroga 9 million soʻm mukofot toʻlab berilgan.
Fuqarolar “Soliq hamkor” orqali:
- chek bermaslik;
- bank plastik kartasi orqali toʻlovni qabul qilishni rad etish;
- bank plastik kartasi orqali toʻlov amalga oshirilganda mahsulotni qimmat sotish;
- noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
- markirovkalanishi kerak boʻlgan mahsulotni markirovkasiz (yoki qalbaki markirovka bilan) sotish va shu kabi soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berishi mumkin.
Yoʻllangan murojaat soliq organlari tomonidan oʻrganilib, oʻz tasdigʻini topgan taqdirda huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 20 foizi mukofot sifatida murojaatchiga taqdim etiladi.


