Avstriyaning eng yirik banki hisoblangan UniCredit Bank Austria AG Oʻzbekistondagi loyihalarni moliyalashtiradi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Avstriyaning UniCredit Bank Austria AGʻning eksportni moliyalashtirish departamenti direktori Doris Pignitter va tahlil va xalqaro hamkorlik departamenti direktori Reynxard Posh bilan muzokaralar oʻtkazgan.
Muzokaralar chogʻida bank-moliya sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Avstriya hukumatining imtiyozli kredit liniyalari va imtiyozli kreditlarini jalb qilish masalalari muhokama qilingan.
Avstriyaning yirik moliya instituti vakillariga Oʻzbekistonda bank sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xalqaro standartlarga javob beradigan va xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun jozibador shart-sharoitlar yaratib berilayotgan huquqiy muhit haqida maʼlumot berilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari Shavkat Mirziyoyevning “2020–2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi qarorining asosiy qoidalari bilan ham tanishtirilgan.
Doris Pignitter UniCredit Bank Austria AG tomonidan Avstriya nazorat banki (OeKB) bilan hamkorlikda Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyati doirasida eksport va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha taqdim etilayotgan xizmatlarning keng doirasini qayd etgan.
Bundan tashqari, Avstriya korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar uchun Avstriya hukumati tomonidan minimal va hatto nol foiz stavkasi bilan imtiyozli kredit liniyalari va soft loan berish imkoniyati alohida taʼkidlangan.
Ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi surʼat bagʻishlash maqsadida UniCredit Bank Austria AG departament direktori oʻzaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.
Muzokaralar doirasida Buxoro viloyatida “Shohrud” aksiyadorlik jamiyati negizida etil spirti ishlab chiqarish loyihasi alohida muhokama qilingan. Mahalliy “Shohrud” kompaniyasi boshqaruvi raisi Nodirbek Hamdamov avstriyalik innovatsion texnologiyalar ishlab chiqaruvchilari va moliya institutlari bilan birgalikda loyihani amalga oshirish boʻyicha korxonaning ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy imkoniyatlari taqdimotini oʻtkazgan. Ushbu loyihani OeKB imtiyozli kredit liniyalari hisobidan birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Avstriya kompaniyalari ishtirokidagi eksport shartnomalarini moliyalashtirish imkoniyatlari, ularda Avstriyadan kelib chiqqan tovar va xizmatlar ulushi kamida 50 foizni tashkil etishi alohida taʼkidlangan. Bunday loyihalar doirasida UniCredit Bank Austria AG OeKB bilan hamkorlikda eksport shartnomasi qiymatining 95 foizigacha moliyalashtirishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, ushbu moliyaviy vosita xorijiy importchilarga mavjud uzoq muddatli va imtiyozli moliyalashtirish bilan zamonaviy Avstriya innovatsion texnologiyalari va nou-xaularini sotib olish imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida, UniCredit Bank Austria AG Avstriyadagi eng yirik bank hisoblanadi. Bank faoliyatining asoslarini investitsiyalar, aktivlarni boshqarish, eksport operatsiyalarini moliyalashtirish va kapital bozori tashkil etadi. UniCredit Bank Austria AG butun mamlakat boʻylab 300 dan ortiq filiallariga ega.
Shuningdek, 1946 yilda Vena shahrida tashkil etilgan Avstriya nazorat banki Avstriyaning eksportni moliyalashtirish va imtiyozli kredit liniyalarini taqdim etish boʻyicha davlat tuzilmasi hisoblanadi.
OeKB aksiyadorlari Avstriyada roʻyxatdan oʻtgan tijorat banklaridir. Avstriya Moliya vazirligi bilan birgalikda OeKB ijtimoiy sohadagi loyihalar uchun imtiyozli kreditlar ham taqdim etadi. Ayni paytda bankning jami aktivlari 33,4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi.
Avvalroq Moliya vazirligi vakillari Avstriya banklari bilan kredit masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.


