2021 yilda aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 21,04 million soʻm yoki 1983 dollarni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oʻtgan yilgi koʻrsatkich 2020 yilga qaraganda 5,3 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIMning oʻsish surʼati 105,3 foizni tashkil etgan.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, 2021 yilda mamlakat YAIM hajmi joriy narxlarda 734,6 trillion soʻm yoki 69 milliard dollarni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich 2020 yil bilan taqqoslaganda 7,4 foizga oʻsgan.
2021 yil yakunlariga koʻra, YAIM tarkibining 418,9 trillion soʻmi tovar ishlab chiqarish, 262,5 trillion soʻmi xizmat koʻrsatish sohasiga toʻgʻri kelgan. Shuningdek, mahsulotlarga solingan sof soliqlar 53, 2 trillion soʻmni tashkil etgan.
Joriy davrda oʻrtacha almashuv kursi boʻyicha hisoblangan nominal YAIM hajmi 69,2 milliard dollarni tashkil etgan. 2020 yilda ushbu koʻrsatkich 59,9 milliard dollarni tashkil etgan.
Avvalroq Prezident iqtisodiy kompleks rahbarlariga YAIM, inflyatsiya va kambagʻallik darajasi boʻyicha bir qancha vazifalar topshirgani xabar qilingandi.


