Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonning 2022 yil 1-choragi uchun YAIM prognozi eʼlon qilindi

YAIMning 2021 yil 1-choragiga nisbatan oʻsishi kutilmoqda.

Foto: “investments.academic.ru”

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning 2022 yil 1-choragi uchun YAIM prognozini eʼlon qildi.

Maʼlum qilinishicha, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2022 yil uchun YAIM prognozlarini batafsil katta maʼlumotlar oqimiga asoslangan yangi yondashuv (noukasting) yordamida hisoblab chiqqan.

Qayd etilishicha, 20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik Google qidiruv natijalari, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy koʻrsatkichlariga asoslanib haftalik YAIM prognozi tuzilgan.

Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari koʻrsatkichlarida aniqlanmagan oʻziga xos jihatlarini ochib bergan. Xususan, pandemiyaning oʻtkir davrida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti sezilarli darajada sekinlashgan. Ayniqsa, sezilarli pasayish 2020 yilning mart-aprel oylarida kuzatilgan. 2021 yilning birinchi yarmida esa iqtisodiy oʻsish sezilarli darajada koʻtarilgan.

Taʼkidlanishicha, YAIM oʻsishining haftalik prognoz koʻrsatkichlarini jamlagan holda, Oʻzbekiston iqtisodiyotining 2022 yil birinchi choragida kutilayotgan oʻsish darajasi aniqlangan. Unga koʻra, 2022 yil 1-choragida YAIMning real oʻsish surati 2021 yil 1-choragiga nisbatan 4,92 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

Oʻsishning asosiy omillari pandemiyadan keyin xalqaro savdoning tiklanishi, pul oʻtkazmalari va ichki investitsiyalarning pandemiyadan avvalgi darajaga tiklanishi boʻladi. Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsish “omikron” shtammining yangi toʻlqini va iqtisodiyotdagi tendensiyaning oʻzgarishi kabi bir qator xavf omillariga ham bogʻliq boʻladi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda iqtisodiy oʻsishning prognoz oraligʻi 4,5–5,3 foiz darajasida belgilangan.

Noukasting usuli — Google qidiruv tendensiyalari, veb-sahifalarda joylashtirilgan reklama va eʼlonlar, yangiliklar matni maʼlumotlariga asoslangan holda qoʻllaniladi. Bu usul bir qator rivojlangan mamlakatlar — Angliya banki, Yevropa Markaziy banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan milliy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda keng qoʻllaniladi.

Joriy usul muhim statistik maʼlumotlar, ayniqsa, YAIM koʻrsatkichlarining sezilarli darajada kechikishlar bilan chop etilishi sababli dolzarb hisoblanadi. Ushbu prognoz iqtisodiyotning mehnat bozori va aholi farovonligi kabi oʻziga xos jihatlarini baholash uchun ham qoʻllaniladi.

Bundan tashqari, Jahon banki dunyo iqtisodiyotining oʻsish istiqbollari prognoz qilingandi. Bankning xulosasiga koʻra, Yevropa Ittifoqi va postsovet davlatlari orasida yalpi ichki mahsulotning eng yuqori oʻsishi Oʻzbekistonda boʻlishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, 2022 yilda Oʻzbekiston YAIMining oʻsish surʼati 5,6 foizni tashkil etadi. Shuningdek, 2023 yilda mamlakatning ushbu iqtisodiy koʻrsatkichi yana oʻsishda davom etib, 5,8 foizga yetishi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev YAIMni 2025 yilgacha 100 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini aytgandi.