Turkiya moliya vaziri Nureddin Nebati iqtisodchilar bilan yopiq yigʻilish chogʻida mamlakatdagi inflyatsiya yaqin oylarda taxminan 40 foizga chiqishini va 2022 yilning oxirigacha 50 foizdan oshmasligini aytdi. Bu haqda Bloomberg anonim qolishni istagan uchrashuv ishtirokchilariga tayanib yozmoqda.
Qayd etilishicha, Nebati, shuningdek, inflyatsiya ehtimol bu yil oxirigacha 30 foizdan pastga tushmasligini ham tan olgan. Vazirning oʻzi agentlikka izoh berishdan bosh tortgan.
Uchrashuvda Moliya vazirligi rahbari Turkiya Markaziy banki foiz stavkasini oshirishni rejalashtirmayotganini, lekin hozirda banklarga uzoq muddatli loyiha kreditlari boʻyicha risklarni himoya qilishga yordam beradigan uzoq muddatli moliyalashtirish loyihasi ustida ish olib borayotganini qoʻshimcha qilgan.
Maʼlumot oʻrnida, yil boshidan buyon liraning dollarga nisbatan kursi deyarli ikki baravar, noyabr oyida esa 26 foizga pasaygan. Liraning tushishiga asosiy sabab inflyatsiya tezlashishiga qaramay (noyabrda u 20 foizdan oshdi) asosiy stavkani kamaytirishni talab qilayotgan Prezident Rajab Toyib Erdogʻanning pozitsiyasi boʻlib keldi. Mamlakat Moliya vazirligining sobiq rahbari Lutfiy Elʼvan liraning qadrsizlanishi fonida isteʼfoga chiqdi.


