Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonda tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi tashkil etildi

Markazni joylashtirish uchun Yangiyoʻl tumani 1-son kasb-hunar maktabi binosining bir qismi tekin foydalanish huquqi bilan ajratildi.

Foto: Navoiy shahar hokimligi axborot xizmati

Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi taʼsischiligida “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” MCHJ tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi “Toshkent viloyatida tomorqachilikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:

  • ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali aholiga tomorqa yer uchastkalaridan yiliga kamida 3 marta hosil olishga erishishga koʻmaklashish;
  • tomorqachilik yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish;
  • ilgʻor yutuqlardan foydalangan holda koʻchatchilik, urugʻchilik va naslchilikni rivojlantirish, tomchilatib sugʻorishni keng joriy qilish, muqobil energiyadan foydalanish, tomorqa yer uchastkalarida baliq boqish uchun hovuzlar tashkil etish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va boshqalar.

Markazni joylashtirish uchun Yangiyoʻl tumani 1-son kasb-hunar maktabi binosining bir qismi tekin foydalanish huquqi bilan ajratildi.

Tomorqachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida kasb-hunar maktabining qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan 1,24 gektar yer uchastkasi ajratib berilishi nazarda tutilmoqda.

Kasb-hunar maktabining mavjud oʻquv yoʻnalishlari doirasida byudjetdan moliyalashtirish tizimi saqlab qolingan holda, tomorqachilik yoʻnalishini rivojlantirish boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Maktabda taʼlim jarayoni va oʻquvchilarning amaliyoti Markaz bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30 dekabrdan kuchga kirdi.