Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari belgilandi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining oʻrinbosari ayni paytda agentlik direktori boʻladi.

Foto: “300let.zskuzbass.ru”

Oʻzbekistonda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari belgilandi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining oʻrinbosari — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritilgan. Shuningdek, agentlikning asosiy vazifalari belgilangan.

Jumladan, respublikada tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini yuritish agentlik vazifalaridan hisoblanadi. Shuningdek, mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va oʻqitish hamda oʻzini oʻzi band qilish faoliyatiga yoʻnaltirish shular sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, vakolatli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish agentlik zimmasiga yuklatilgan.

Qarorga koʻra, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tarkibiga oʻtkazilgan. Agentlik tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi tashkil etilgan.

Avvalroq Fargʻona shahri hokimi yangi agentlikka direktor etib tayinlangani xabar qilingandi. Shuningdek, hokimlarga yangi yordamchi lavozimi joriy etilgani haqida xabar berildi.