Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” talabalar uchun bayram chegirmalari yuzasidan izoh berdi

Chiptalar qishki taʼtil davrida kunduzgi boʻlimlarning talabalariga 50 foizli chegirma bilan sotiladi.

Foto: “trainpix.org”

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” talabalar uchun bayram chegirmalari yuzasidan izoh berdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq respublikada ichki yoʻnalishlardagi yoʻlovchi poyezdlari tarifidan kiritilgan chegirmalar toʻgʻrisidagi eʼlonga talabalar tomonidan savollar kelib tushmoqda.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari talabalari uchun imtiyozlar Oʻzbekiston Prezidentining 1992 yil 22 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oʻquvchilari va talabalarining yillik qishki taʼtillari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq har yili 28 dekabrdan 10 yanvarga qadar belgilanadi. Hujjatda qayd etilishicha, qishki taʼtil davrida kunduzgi boʻlimlarning talabalari va oʻquvchilariga yoʻl haqi 50 foizli chegirma bilan sotiladi.

Shu kunlarda eʼlon qilingan, yaʼni 2021 yil 31 dekabrdan 2022 yil 4 yanvargacha boʻlgan davrdagiga chiptaning tarif qismidan 15 foizli chegirtma Oʻzbekiston oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarining qolgan boshqa taʼlim boʻlimlari (sirtqi, kechki va magistratura) talaba va oʻquvchilariga nisbatan qoʻllaniladi.

Maʼlumot oʻrnida, imtiyozli boʻlgan chiptalarni faqat temir yoʻl kassalarida xarid qilish mumkin. Elektron chiptalarda belgilangan chegirmalar rasmiylashtirilmaydi. Qoʻshimcha maʼlumotlarni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yoʻl kassalari hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olish mumkin.

Avvalroq Oʻzbekistonda temir yoʻllardan yilda bir marta bepul foydalanish huquqi kimlarga berilishi xabar qilingandi.